O‘zbekistonda minimal pensiya yoshini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanovga tayanib Spot xabar berdi.

Pensiya islohoti loyihasida pensiyaga chiqishning eng kam yoshini oshirish ko‘rsatilgan: erkaklar uchun — hozirgi 60 yoshdan 63 yoshgacha, ayollar uchun — 55 yoshdan 58 yoshgacha. Pensiya yoshini oshirish bosqichma-bosqich — har yili yarim yilga oshiriladi.

Murodbek Atadjanovning ta’kidlashicha, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida eng kam pensiya yoshi 65 yoshdan oshadi. O‘zbekistonda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganidan buyon 32 yil davomida pensiya yoshi oshirilmagan.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda umr ko‘rish davomiyligi o‘sib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugun u 75 yoshga to‘ldi. Agar 20 yil oldin pensionerlar pensiyaga chiqqandan keyin o‘rtacha 8−9 yil yashagan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich erkaklarda 12,5 yoshga, ayollarda esa 20 yoshga yetdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pensiya yoshini oshirish bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagan. Pensiya jamg‘armasi pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha aholi takliflarini to‘plash uchun maxsus platformani ishga tushirmoqchi, u bir oy davom etadi.

Kelib tushgan takliflar o‘rganib chiqilgach, qayta muhokamadan o‘tkazish, o‘zgartirishlar kiritish va pensiya islohoti loyihasini jurnalist va blogerlar ishtirokida rasman taqdim etish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Murodbek Atadjanov pensiya yoshini oshirishda yengilroq variantga yo‘l qo‘ydi — yarim yilga emas, balki uch oyga ko‘tarildi. Shunday qilib, pensiya yoshi har to‘rt yilda bir yilga oshadi va butun islohot 12 yilga cho‘ziladi.