2030 yilga borib O‘zbekistonda xususiy pensiya jamg‘armalari tashkil etilishi mumkin. Bu haqda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanovga tayanib, Sport yozmoqda.
Pensiya islohoti konsepsiyasida xususiy pensiya jamg‘armalari to‘g‘risidagi bo‘lim nazarda tutilgan. Pensiya jamg‘armasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi 2027−2028 yillarga qadar normativ-huquqiy bazani ishlab chiqadi, keyingi ikki yilda esa ularni yaratish bilan shug‘ullanadi.
Bu juda murakkab masala. Ishonchli normativ-huquqiy baza yaratilmasa, kimdir pul yig‘ib qochib ketishi mumkin, keyin topolmaymiz. Shuning uchun konsepsiyaga ko‘ra, dastlabki ikki yilda faqat normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish bilan shug‘ullanamiz, — dedi Murodbek Atadjanov.
Eslatib o‘tamiz, pensiya islohoti loyihasida pensiyaga chiqishning eng kam yoshini oshirish ko‘rsatilgan: erkaklar uchun — hozirgi 60 yoshdan 63 yoshgacha, ayollar uchun — 55 yoshdan 58 yoshgacha. Pensiya yoshini oshirish bosqichma-bosqich — har yili yarim yilga oshiriladi.