Toshkentda 2025-yil oxirigacha karshering platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu haqda prezidentning tungi iqtisodiyotni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori loyihasida aytiladi.

Pilot loyiha poytaxtning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan uchta tumani — Mirobod, Yunusobod va Yakkasaroyda amalga oshirilishi kutilmoqda.

Toshkent shahar hokimligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligiga platformani yaratish va ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, poytaxt hokimligiga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida avtomatlashtirilgan veloshering loyihasini ishlab chiqish va sinov tariqasida ishga tushirish topshirildi.