AI-80 benzinini ishlab chiqarish va ulgurji sotishdan voz kechish inflyatsiyaning tezlashishiga olib keladi. Bu haqda Spot yozmoqda.
Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetovning aytishicha, narxlar o‘zgarishi joriy inflyatsiya statistikasida allaqachon o‘z aksini topgan.
Proinflyatsion risklar bir qator tovarlar, jumladan, benzin bilan bog‘liq. Ushbu omil o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya uchun xatar bo‘lib qolmoqda va inflyatsion kutilmalarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda, — dedi Markaziy bank rahbari.
11-sentyabr kuni Markaziy bank 2025-yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya prognozini yana yomonlashtirdi — 8,7 foizgacha. May oyida regulyator yillik inflyatsiyaning o‘sish sur’ati 8 foizgacha sekinlashishini kutgan edi (avvalroq — 7,5−8 foizgacha).
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 2-sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotish butunlay to‘xtatildi. Buning o‘rniga AI-92 markali yuqori oktanli avtobenzinni birja savdolariga qo‘yish hajmi oshirildi.