O‘zbekistonda ayrim yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarimalarga chegirmalarni bekor qilmoqchi. Bu haqda IIV qonun loyihasida aytilgan.
Endi huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini yoki 30 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.
Qonun loyihasi bilan quyidagi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llanilmasligi bo‘yicha talablar kiritilmoqda:
- belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq va soatiga 60 kilometrdan ortiq miqdorga oshirish — bir oy mobaynida beshta qoidabuzarlik sodir etilganda;
- svetoforning taqiqlovchi ishorasiga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga qarshi harakatlanish — bir oy mobaynida ikki marta qoidabuzarlik sodir etilganda;
- Yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqish, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga olib kelgan, ya’ni yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilarini harakat tezligini, yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun boshqa choralar ko‘rishga majbur qilgan huquqbuzarlik sodir etish — bir oy mobaynida ikkita qoidabuzarlik sodir etilganda.
Vazirlikning qayd etishicha, qonunning qabul qilinishi yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etishini ta’minlashga, shuningdek, og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shu qonun loyihasi doirasida haydovchilarni muntazam qoidabuzarliklar uchun olti oyga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish taklif qilingan edi. IIVning ta’kidlashicha, ayrim haydovchilarning haydovchilik madaniyatiga e’tiborsizligi va harakatning boshqa ishtirokchilariga hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish tendensiyasi kuzatilmoqda.