11-sentyabr kuni Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Oxirgi marta stavka joriy yilning mart oyida o‘zgargan edi. O‘shanda Markaziy bank uni 13,5 foizdan 14 foizga ko‘targan edi.
Avgust oyida yillik inflyatsiya iyul oyiga nisbatan pasayib, 8,8 foizni tashkil etdi. Bazaviy inflyatsiya oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining sekinlashishi hisobiga 7,6 foizgacha pasaydi.
Yuqori yalpi talab saqlanib qolayotgan sharoitda energiya resurslari narxlari o‘sishining ikkilamchi ta’siri xizmatlar inflyatsiyasining yuqori darajada shakllanishida namoyon bo‘lmoqda.
So‘nggi oylarda inflyatsion kutilmalarning pasayishiga mavsumiy omillar va almashuv kursining barqarorligi ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, kutilmalar amaldagi inflyatsiyadan yuqoriligicha qolmoqda.
2025-yilning birinchi yarmida iqtisodiy o‘sish 7,2 foizgacha tezlashdi. Bunda xizmat ko‘rsatish sohasining yuqori sur’atlari bilan bir qatorda sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligida ham sezilarli o‘sish kuzatildi.
Transchegaraviy o‘tkazmalarning barqaror o‘sishi, kreditlashning jadallashuvi, byudjet xarajatlarining oshishi va yuqori investitsion faollik yalpi talabni faol rag‘batlantiruvchi omillar hisoblanadi.
Xalqaro savdodagi cheklovlar va global aloqalardagi o‘zgarishlar fonida jahon inflyatsiyasining kutilganidan sekinroq pasayishi, shuningdek, jahon oziq-ovqat narxlarining o‘sishi va asosiy savdo hamkor mamlakatlarda inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlardan yuqori shakllanishi kelgusida import inflyatsiyasining tezlashishiga olib kelishi mumkin. Ushbu sharoitlarni hisobga olgan holda, 2025-yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya 8,7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Iqtisodiyotda inflyatsion bosimni pasaytirish va o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatining davom ettirilishi iqtisodiyotda jamg‘armalarning jozibadorligini qo‘llab-quvvatlaydi, kreditlash sur’atlarining muvozanatlashuviga va pul bozorida resurslar narxlarining mutanosib shakllanishiga yordam beradi, bu esa, o‘z navbatida, yalpi talabning muvozanatlashuviga va inflyatsiyaga monetar omillar ta’sirining pasayishiga xizmat qiladi.
Umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasiga o‘tish jarayoni ma’lum bir vaqtni talab qiladi. Kelgusi oylarda narxlarga bosim kutilganidan yuqori bo‘lishi xavfi va asoslari paydo bo‘lgan taqdirda, pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2025-yil 23-oktyabrga belgilangan.