O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati qoidalarini bir necha bor buzgan haydovchilarga nisbatan jazoni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etdi. Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida mavjud.

Qayd etilishicha, yo‘l harakati qoidalariga muntazam ravishda rioya qilmaslik — qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish, svetoforning taqiqlovchi signaliga rioya qilmaslik va tezlikni jiddiy ravishda oshirish — og‘ir oqibatlarga olib keladigan yo‘l-transport hodisalari sonining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, ayrim haydovchilarning haydovchilik madaniyatiga bepisandlik bilan qarash va harakatning boshqa ishtirokchilariga hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish tendensiyasi mavjud.

Qonun loyihasiga ko‘ra, agar haydovchi bir oy ichida o‘n marta qo‘pol qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ysa, masalan, tezlikni soatiga 40-60 kilometrdan ortiq oshirsa, svetoforning qizil chirog‘iga o‘tib ketsa yoki boshqa ishtirokchilarni harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga majbur qiladigan favqulodda vaziyatni yuzaga keltirsa, so‘nggi qoidabuzarlik uchun u olti oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan qo‘shimcha ravishda mahrum qilinadi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi yo‘llarda intizomni oshirish va og‘ir oqibatli YTHlar sonini kamaytirish imkonini beradi. Qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasi 25-sentyabrga qadar davom etadi.