O‘zbekistonda hisob-kitoblar uchun steyblkoinlardan foydalanish, shuningdek, fond bozoridagi aktivlarni tokenizatsiya qilishni sinab ko‘rishmoqchi. Bu haqda ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak “O‘zbekiston 24”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev tomonidan tegishli topshiriq berildi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga Markaziy bank bilan birgalikda hisob-kitoblar uchun to‘lov vositasi sifatida steyblkoinlardan foydalanishni sinovdan o‘tkazish, shuningdek, kapital bozorida qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish topshirildi.

ILMA jamoasi Markaziy bank hamda boshqa aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat rahbarining ko‘rsatilgan topshirig‘ini bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi, dedi Vyacheslav Pak.