O‘zbekistonda vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyimini qonunga xilof ravishda kiyganlik, shuningdek, tashqi ko‘rinishi harbiy yoki idoraviy formaga o‘xshash bo‘lgan kiyimdan foydalanganlik uchun jazoni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda.
Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2091-moddasiga o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda. Loyihaga muvofiq:
- tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy yoki maxsus formali kiyim-bosh, shuningdek, davlat organlarining farqlovchi belgilari va ramzlari tushirilgan formali kiyim-boshni kiyganlik uchun kiyim-bosh musodara qilinib, BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha (824 ming – 2 mln 60 ming so‘m) miqdorda jarima solinadi;
- rangi, tikilish uslubi yoki elementlariga ko‘ra harbiy yoki idoraviy formaga o‘xshaydigan kiyim-kechakni muomalaga kiritganlik yoki undan foydalanganlik uchun BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (2,060 mln – 4,12 mln so‘m) miqdorda jarima solinadi.
Tashabbuskorlarning ta’kidlashicha, taklif etilayotgan chora-tadbirlar formali kiyim-boshdan noqonuniy foydalanish holatlariga chek qo‘yish va uning tegishli tuzilmalarga aniq tegishliligini ta’minlashga qaratilgan.