10-sentyabr kuni Nukus shahridagi poligonda o‘tkazilgan amaliy o‘quv mashg‘ulotlari chog‘ida portlash sodir bo‘ldi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari jarohatlandi. Bu haqda Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston bo‘yicha boshqarmasi xabar bermoqda.
Mashg‘ulotlar paytida o‘quv mashg‘ulotlari uchun mo‘ljallangan maxsus portlovchi moddaning detonatsiya shnuri ishga tushishi natijasida kichik portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda mashg‘ulotlarda qatnashgan 10 nafarga yaqin harbiy xizmatchi turli darajada tan jarohati olgan.
Ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ayni paytda ularning salomatligi xavotirli emas.
Mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanib, mas’ul rahbarlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.