O‘zbekistonda mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligi oshiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmonida so‘z boradi.

Hujjatga muvofiq, mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:

  • yoshlar bilan yakka tartibda va manzilli ishlashni faollashtirish orqali yoshlar yetakchilari faoliyati samaradorligini oshirish;
  • yoshlarning kasbiy qiziqishlarini erta aniqlash orqali mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlar kirib kelishini ta’minlash.

Quyidagilar mahallalardagi yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirish, mahalla darajasida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish;
  • yoshlarning iste’dodini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish, yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi”ni keng targ‘ib qilish;
  • tadbirkorlik ko‘nikmalarini mustahkamlash orqali mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning bandligiga ko‘maklashish;
  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga ijtimoiy sheriklik tamoyili asosida yordam ko‘rsatilishini ta’minlash.

Farmonda yoshlar yetakchilari zimmasiga ko‘rsatilgan asosiy vazifalar bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa vazifa va topshiriqlarni yuklash taqiqlanadi.