Foto: Kun

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy 2021-yilda Afg‘oniston hukumati qulaganidan keyin O‘zbekiston va Tojikistonga olib chiqib ketilgan harbiy vertolyotlarni mamlakatga qaytarishni so‘radi. Bu haqda Tolonews yozmoqda.

To‘rt yil oldin siyosiy voqealar tufayli vertolyotlarimizning bir qismini olib qo‘ygan va qo‘shni davlatlarga topshirgan davlatlardan ushbu vertolyotlarni afg‘on xalqiga qaytarishlarini, ulardan gumanitar maqsadlarda foydalanishlarini so‘raymiz, — dedi Muttaqiy Kobulda diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvda.

Muttaqiy, shuningdek, xalqaro hamjamiyatdan Afg‘onistonga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘radi va amaldagi bank cheklovlari tufayli xorijda yashovchi afg‘onlar o‘z yaqinlariga pul jo‘nata olmasligini ta’kidladi.

Avvalroq Afg‘oniston ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston 2021-yilda sobiq tuzum qulaganidan keyin mamlakatdan olib chiqib ketilgan 57 ta harbiy vertolyotni Afg‘onistonga qaytarishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotni rad etdi.