Farg‘ona viloyatida 130 yoshli ayolning tug‘ilganligi rasman tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi doirasida “Qoraqum” mahallasidagi Buvayda tuman adliya bo‘limi xodimlari 1895-yilda tug‘ilgan Huvaydo Umarovaning tug‘ilganlik holati rasmiylashtirilmaganini aniqladi.

Tuman adliya bo‘limi da’vo arizasi kiritdi va u qanoatlantirildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining sayyor sud majlisida Huvaydo Umarovaning 1895-yil 1-yanvarda Buvayda tumanida tug‘ilgani aniqlandi.

Huvaydo Umarova O‘zbekistondagi eng keksa inson deb topildi. Uzoq umr ko‘rgan ayol dunyodagi eng keksa odam sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilishi mumkin.