Shavkat Mirziyoyev aholini ro‘yxatga olish va qishloq xo‘jaligini samarali tashkil etish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mamlakatda so‘nggi umumiy aholini ro‘yxatga olish 1989-yilda o‘tkazilgan. So‘nggi yillarda bu borada qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, unga ko‘ra, aholi har 10 yilda kamida bir marta, qishloq xo‘jaligi sohasi esa har 5 yilda bir marta ro‘yxatga olinishi belgilandi.

2021-yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish, 2022-yilda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish o‘tkazildi. Biroq, keng ko‘lamli aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish xalqaro tajribani o‘rganish va zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun vaqt talab qiladi, shuning uchun uni o‘tkazish kechiktirildi.

Taqdimotda Jahon banki, UNFPA va FAO ishtirokida xalqaro tajribadan kelib chiqib, aholi va qishloq xo‘jaligini yagona ro‘yxatga olish bo‘yicha tayyorlangan taklif ko‘rib chiqildi.

Rejaga ko‘ra, O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026-yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar davom etadi. Dastlabki 17 kun davomida ma’lumotlarni yig‘ish internet orqali onlayn tarzda, keyingi bir oy davomida esa mahalla yettiligi vakillari ishtirokida uyma-uy (xonadonma-xonadon) yurish usulida amalga oshiriladi.

Yangi format xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi — 1,3 trillion so‘m iqtisod qilinadi. Jarayon yanada sodda va shaffof bo‘ladi, savollar soni dastlab rejalashtirilgan 328 tadan 71 tagacha kamaytiriladi.

Aholini ro‘yxatga olish natijasida O‘zbekistonning 38 millionlik aholisi tarkibi, migratsiya, oilaviy ahvoli, bandlik turlari va daromad manbalari to‘g‘risidagi yagona ma’lumotlar bazasi 2020-yilda Yevropa statistiklari konferensiyasi tavsiyalariga muvofiq shakllantiriladi.

Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish, chorva mollari va parrandalar soniga aniqlik kiritiladi. Bu orqali sohaga har yili ajratilayotgan 25,6 trillion so‘m, jumladan, byudjetdan ajratilayotgan 2,2 trillion so‘m mablag‘ning natijadorligi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanadi.

Aholini ro‘yxatga olishni sifatli o‘tkazish uchun mahalla yettiligi vakillari maxsus dastur asosida o‘qitiladi va moddiy rag‘batlantiriladi. Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan statistika tizimini mustahkamlash loyihasi mablag‘lari shunga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ko‘lamli targ‘ibot kampaniyasi tashkil etilib, aholining xabardorligini oshirish maqsadida maxsus ko‘rsatuv va videoroliklar namoyish etiladi.

Umuman olganda, aholini ro‘yxatga olish demografik va agrar sohalardagi real ko‘rsatkichlarni aniqlash imkonini beradi, bu esa davlat dasturlarini manzilli va samarali amalga oshirish uchun katta ahamiyatga ega.

Davlat rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni tizimli va sifatli o‘tkazishni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.