Rossiyada mehnat muhojirlariga rasmiy ish haqidan ko‘proq pulni chet elga o‘tkazish taqiqlanishi mumkin. Bu haqda Davlat dumasiga yuborilgan qonun loyihasida aytiladi.

Tuzatishlar migrantlarga manbasi hujjat bilan tasdiqlanmagan mablag‘larni chet elga jo‘natishga ruxsat bermaydi. Hozirda norezidentlar cheklovlarsiz pul o‘tkazmalarini amalga oshirish huquqiga ega, bu esa katta miqdordagi pul mablag‘larini tegishli nazoratsiz mamlakatdan tashqariga olib chiqish imkonini beradi.

Loyiha mualliflarining fikricha, bu noqonuniy daromadlarni legallashtirish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va kapitalni chet elga olib chiqib ketish uchun sharoit yaratadi. Amaldagi qonunchilikda o‘tkazmalar hajmining rasmiy tasdiqlangan daromadlarga muvofiqligini nazorat qilishning samarali mexanizmlari nazarda tutilmagan.

Qonun loyihasining tushuntirish xatida qayd etilishicha, 2023-yilda mehnat migrantlarining vataniga pul o‘tkazmalari hajmi 18 milliard dollardan oshgan. 2024-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga pul tushumlari 29 foizga o‘sib, 11,5 milliard dollarni tashkil etdi.