2024-yil oxiri va 2025-yil boshida Toshkent shahri atrofidagi 630 ta issiqxona faoliyatida ekologik monitoring o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Natijada ularning 40 tasida rezina chiqindilari va avtomobil shinalarini yoqib yuborish holatlari qayd etilgan. Bundan tashqari, ushbu issiqxonalarda dudburonlardan foydalanish qoidalari buzilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan 40 ta issiqxona egalariga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi. Shuningdek, ekologik talablarga javob bermaydigan 32 ta issiqxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.

Shinalar tarkibida oltingugurt, uglevodorodlar, og‘ir metallar, simob, kadmiy, qo‘rg‘oshin va boshqa zaharli elementlar mavjud. Ular yonganda havoga dioksinlar, furanlar, poliaromatik uglevodorodlar va atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazuvchi boshqa zaharli birikmalar ajralib chiqadi, — deyiladi xabarda.

Yil davomida 195 ta korxonada 824 ta chang-gaz tozalash uskunasi o‘rnatildi va modernizatsiya qilindi. Qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 91 ta holatda ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan, 57 ta korxona faoliyati aniqlangan qonunbuzilish holatlari bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatilgan.