MIBning Toshkent shahar bo‘yicha bosh boshqarmasi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining ijro varaqasiga asosan “Quramax Medical” MCHJ va bojxona omborlarida saqlanayotgan 3,2 mln donadan ortiq dori vositalarini yo‘q qilishga kirishdi. Bu haqda MIB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu dorilar orasida O‘zbekistonda kamida 68 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropi ham bor. Jumladan, quyidagilar yo‘q qilinishi kerak:
- 811 478 ta “Dok-1 Maks” tabletkasi;
- 101 669 shisha “Dok-1 Maks” siropi;
- 2 252 796 ta “Ambronol” tabletkasi;
- 56 672 shisha “Ambronol” siropi.
Tadbir huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sanitariya-epidemiologiya xizmati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda xolislar ishtirokida o‘tkazilmoqda. Dori vositalari ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda maxsus pechda yoqish orqali yo‘q qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil fevral oyida “Dok-1 Maks” siropidan o‘lim holatlari bo‘yicha sud hukmlari e’lon qilingandi. Farmatsevtika agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev, uning o‘rinbosarlari Amirxan Azimov va Nodirbek Musayev, shuningdek, Quramax Medical kompaniyasi direktori Ragnevdra Pratar jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.