“Toza havo” aksiyasi doirasida Toshkent shahrida 40 050 ta avtomobil tekshiruvdan o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ularning 586 tasida ruxsat etilgan me’yordan ortiq tashlamalar aniqlanib, kamchiliklar bartaraf etildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar atmosferaga 4,7 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldini olish imkonini berdi. 10-sentyabr kuni poytaxtda aksiyaning ikkinchi bosqichi boshlandi, u 10-oktyabrgacha davom etadi.

Hukumat qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida sanoat korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari va issiqxona xo‘jaliklari chiqindilarini monitoring qilish bo‘yicha 12 ta hududiy ishchi guruh tashkil etildi. Guruhlar tarkibiga turli vazirlik va idoralardan 150 dan ortiq mutaxassislar kiritilgan. 2025-yilning yanvar-avgust oylarida 1452 ta obyekt xatlovdan o‘tkazildi, 174 ta tungi reyd o‘tkazildi, 281 ta qoidabuzarlik aniqlandi.

154 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 20 ta obyekt faoliyatini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi, 179 ta qonunbuzilish holatlari bartaraf etildi.