Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatining barcha tumanlarini poytaxtimiz bilan tezyurar elektropoyezdlar orqali bog‘lash vazifasini qo‘ydi. Bu yangi uy-joylar, infratuzilma va xizmatlarga bo‘lgan talabni oshiradi, aholi esa har kuni Toshkentga kelib ishlay oladi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi bo‘sh yerlarni “Toshkent invest” kompaniyasi va shahar sanoat zonalari direksiyasi tasarrufiga o‘tkazish, ekologik zararli korxonalarni esa poytaxtdan tashqariga ko‘chirish rejalashtirilgan.

Nurafshon, Olmaliq va Chirchiq shaharlarida xorijiy sarmoyalar ishtirokida sanoat korxonalarini tashkil etish uchun ikkita podstansiya qurish ko‘zda tutilmoqda. Bekobodda import o‘rnini bosuvchi avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Oqqo‘rg‘on tumanida oziq-ovqat va to‘qimachilik korxonalarini ochish, shuningdek, Ohangaron, Angren va O‘rta Chirchiq tumanlaridan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali bo‘ylab sayyohlik va savdo majmualarini barpo etish rejalashtirilgan.

Toshkent viloyati sanoatda ham, qishloq xo‘jaligida ham eng katta salohiyatga ega hudud. Asosiysi, viloyat yurtimizdagi eng yirik iste’mol va xizmatlar bozorini, ya’ni poytaxtimizni har tomondan o‘rab turadi. Bu ham juda katta imkoniyat. Uni to‘liq ishga solib, investitsiya, eksport va ish o‘rni ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirsa bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Umuman, viloyatda 2 milliard 500 million dollarlik investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan. Ularning amalga oshirilishi 11 mingdan ortiq kishining bandligini ta’minlash va 434 million dollarlik eksport salohiyatini yaratish imkonini beradi.