Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobul Tursunov telefonlarni UzIMEI’da ro‘yxatdan o‘tkazishdagi muammolar yuzasidan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga senator so‘rovi yubordi.
Vazirga uzimei.uz, my.gov.uz platformalari va BIRDA mobil ilovasidagi texnik muammolarni bartaraf etish, shuningdek, IMEI2-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish va UzIMEI tizimidagi byurokratik talablarni yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish taklif etildi.
Idora rahbari Sherzod Shermatov senator so‘rovida ko‘tarilgan masalalarni ko‘rib chiqish natijalarini taqdim etdi:
- jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalar deklaratsiyani to‘ldirmasdan olib kirilgan taqdirda, yuzaga keladigan qo‘shimcha to‘lovlar IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov bilan emas, balki qo‘shimcha bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq;
- mobil qurilmalarni uzimei.uz, my.gov.uz saytlari va BIRDA mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishda yuzaga keladigan texnik muammolar tezkorlik bilan bartaraf etiladi; ushbu resurslarning barqaror ishlashi uchun barcha zarur choralar ko‘riladi;
- normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq mobil qurilmalarning barcha IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim;
- kelgusida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda mavjud byurokratik talablarni yanada yumshatish va bu boradagi ishlarni tizimli ravishda davom ettirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
Shuningdek, u mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etish orqali erishilgan natijalar haqida gapirdi. Joriy etilgan vaqtdan boshlab hozirgi kunga qadar O‘zbekistonga rasmiy ravishda olib kirilayotgan mobil aloqa qurilmalari soni, ro‘yxatdan o‘tkazilgan IMEI-kodlar soni va ularni olib kirishda to‘langan bojxona to‘lovlari hajmi ortib bormoqda.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar soni 1 028 tadan (2021-yil) 95 tagacha (2024-yil), ya’ni qariyb 11 barobarga kamaydi.
Bundan tashqari, tizimdan tezkor-qidiruv tadbirlarida keng foydalanilayotgani qayd etildi. IIV bilan hamkorlikda o‘g‘irlangan, yo‘qolgan va jinoiy faoliyat bilan bog‘liq mobil qurilmalar bo‘yicha 20,3 mingtasi “qora ro‘yxat”ga kiritilgan, 18,8 mingtasi “qora ro‘yxat”dan chiqarilgan, 47,4 mingtasi tizimda monitoringga olingan.
Gaz hisoblagichlari modullarining IMEI kodlarini klonlashtirish holatlari tekshirilganda, 2025 yil aprel holatiga ko‘ra, jami 298 mingta mobil qurilmaga 154 ta IMEI kodlari klonlashtirilgani va ular “qora ro‘yxat”ga kiritilgani aniqlangan. Tizimda aniqlangan mobil qurilmalarning klonlangan IMEI-kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyda IIVga yuboriladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga Markaziy bank bilan hamkorlikda “Mobil aloqa darajasida axborot xavfsizligini ta’minlash” tizimi ishlab chiqilayotgani haqida ham ma’lumot berildi. Ushbu tizim IMEI-kodlar ma’lumotlar bazalaridan foydalangan holda quyidagilar uchun mo‘ljallangan:
- tijorat banklari, to‘lov tizimlari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari foydalanuvchilarini tashqi firibgarlik harakatlaridan himoya qilish;
- to‘lov tashkilotlari mijozlarining firibgarlik oqibatidagi yo‘qotishlarini kamaytirish;
- firibgarlik va kiberjinoyatchilik bilan bog‘liq hodisalarni tergov qilishni soddalashtirish.
Banklardan birida tizim faoliyatining dastlabki 15 kuni davomida mijozlarning to‘lov tizimlariga 2 mingdan ortiq noqonuniy aralashuvlar aniqlanib, ularning oldi olindi.
Javobda, shuningdek, tizim joriy etilgunga qadar 2018-yilda rasmiy ravishda olib kirilgan mobil qurilmalar soni 13,5 mingtani, 2024-yilda 3,5 milliontani tashkil etgani, o‘sish 265 barobarni tashkil etgani ta’kidlangan. To‘langan bojxona to‘lovlari hajmi 121 barobarga oshib, 5,1 mlrd so‘mdan 621,2 mlrd so‘mga yetdi.