Navoiy viloyati Uchquduq tumanida mahalla raisi ayolga tegajog‘lik qilgani uchun qamaldi. Bu haqda Nemolchi.uz loyihasi xabar bermoqda.
Hodisa 2025-yil iyun oyida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi mahalla qo‘mitasiga murojaat qilib, “Ayollar daftari”ga kiritishni so‘ragan.
Mahalla raisi bandligini aytib, ertaga kelishini so‘radi. O‘sha kuni kechki payt mahalla raisidan ayolning telefoniga “yo‘lingizda hech kim bo‘lmasa, oldimga keling”, “qo‘mita binosiga uchrashuvga tayyorlangan holda keling” mazmunidagi xabarlar kelib tushgan.
Ertasi kuni ayol mahalla binosiga kelib, mahalla raisi va elektrchi xonada spirtli ichimlik ichib o‘tirganini ko‘rgan.
U raisdan kechqurun o‘ziga yuborgan xabarlar bo‘yicha izoh talab qilib, o‘z noroziligini bildirgan va hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan. Sud majlisida mahalla raisi o‘z qilmishidan pushaymonligini bildirib, go‘yoki yomon niyatda bo‘lmaganini aytib, o‘zini oqlashga urindi.
Sentabr oyida sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (Shahvoniy shilqimlik) bilan aybdor deb topdi va uch sutkaga hibsga oldi.