2025-yilning 8 oyi davomida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshqarmalari tomonidan 3554 ta bog‘chada o‘rganishlar o‘tkazilgan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mutaxassislar tarbiyalanuvchilarning ovqatlanishini tashkil etish me’yorlarini tekshirib ko‘rishdi. Ular davomida 9 486,4 kg.dan ortiq sifatsiz mahsulotlar yaroqsizga chiqarildi.
Shuningdek, quyidagilar aniqlandi:
- 8122 ta tayyor mahsulot namunalaridan 323 tasi mikrobiologik me’yorlarga javob bermagan;
- ichimlik suvining 4461 ta namunasidan 237 tasi talabga javob bermagan;
- ovqatning ozuqaviy qiymati bo‘yicha 4986 ta namunadan 878 tasi past darajani ko‘rsatdi;
- 12 301 ta sabzavot namunasidan 257 tasida nitrat qoldiqlari aniqlangan;
- 2321 ta tuz namunasidan 718 tasida yod miqdori yetarli emasligi aniqlandi.
Kimyoviy tahlillar uchun olingan 83 231 ta namunadan 4110 tasi belgilangan talablarga javob bermadi. Bakteriologik tahlillar uchun olingan 88 203 ta namunadan 9027 tasi SanQvaM talablariga javob bermadi.
Guruhlarda havo harorati (mikroiqlim ko‘rsatkichlari) bo‘yicha o‘tkazilgan 23 425 ta tekshiruvlarda 1658 ta holatda harorat me’yordan past bo‘lgan. Xonalardagi 43665 ta nuqtada yoritilganlik darajasini o‘lchash davomida ularning 2559 tasida yorug‘lik darajasi yetarli emasligi aniqlandi.
Bog‘chalarda sanitariya me’yorlarini buzganlik uchun 3705 ta holatda mas’ul shaxslarga jarima solingan. 110 ta muassasa faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. 446 nafar xodim tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tmagani uchun vaqtincha ishdan chetlatildi.