Buxoroda iPhone’ni o‘g‘irlagan yigitni qo‘lga olish uchun “to‘sib ushlash” rejasi qo‘llanildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Hodisa 14-sentyabr kuni Buxoro tumanida sodir bo‘lgan. Yigit internetda iPhone sotilishi haqidagi e’lon muallifi bilan bog‘landi. Sotuvchi bilan uchrashuvga davlat raqamisiz, oynalari qoraytirilgan Nexia-3 avtomobilida kelgan noma’lum shaxs mashinadan pulni olishini aytib, telefonini olib, pulini to‘lamasdan jo‘nab ketgan.
Soat 02:30 da jinoyatchini qo‘lga olish uchun “to‘sib ushlash” rejasi joriy etildi. Biroq tezkor tadbirlar davomida haydovchi, 22 yoshli yigit ichki ishlar organlari xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, bir nechta transport vositalariga shikast yetkazgan.
Keyinroq uni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lingan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 166-moddasi 3-qismi (Talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.