2025-yilning yanvar-avgust oylarida 2 872 nafar voyaga yetmagan turli jinoyatlarning qurboniga aylangan, shundan 1 225 nafari 12 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Bu haqda “Gazeta.uz” Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorovga tayanib yozmoqda.
Organ rahbarining ma’lumotlariga ko‘ra, voyaga yetmaganlarning 1 475 nafari ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 956 nafari uncha og‘ir bo‘lmagan, 284 nafari og‘ir va 157 nafari o‘ta og‘ir jinoyatlardan jabrlangan.
Afsuski, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘payib bormoqda. Jabrlanuvchilar ko‘pincha ayblanadi yoki sukut saqlashga majbur bo‘ladi. Aynan mana shu sukut saqlash madaniyatiga qarshi zo‘ravonlikning o‘ziga qarshi kurashgandek qat’iyat bilan kurashishimiz kerak, — deya ta’kidladi agentlik direktori.
Mansurbek Olloyorovning qo‘shimcha qilishicha, Ijtimoiy himoya agentligi telefoniga murojaatlar soni o‘tgan yilga nisbatan uch baravar oshgan va bu raqam o‘sishda davom etmoqda.
Bundan tashqari, internet orqali sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda, shuningdek, pedagog va tarbiyachilarning bolalarni himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarligi belgilanmoqda.