Ijtimoiy tarmoqlarda Damas haydovchisi piyodalar o‘tish joyida maktab o‘quvchisini urib yuborishiga bir baxya qolgani aks etgan video paydo bo‘ldi. YHXX holatga izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 11 sentyabr kuni soat 12:00 atrofida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida sodir bo‘lgan. Damas haydovchisi o‘tish oldidan harakatni sekinlashtira boshladi, buni ko‘rgan bola yo‘lni kesib o‘ta boshladi.

Biroq, eng chetki bo‘lakda boshqa Damas avvalgi tezlikda harakatlanayotgan edi, shuning uchun bola harakatni tezlashtirishga majbur bo‘ldi. U qoqilib ketib, yo‘lning qatnov qismiga yiqilib tushdi va to‘qnashuvdan zo‘rg‘a qutuldi.

Qashqadaryo viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilib, haydovchi 68 yoshli erkak ekani aniqlangan. Sudda erkak sodir bo‘lgan voqeadan afsusda ekanini aytib, fuqarolar va bolaning ota-onasidan kechirim so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudi uni MJtKning 128-1-moddasi 1-qismida (Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga BHMning 25 baravari (10,3 mln so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, haydovchi 1 yil muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilindi.