15-sentyabr kuni Toshkentda avtobus va marshrutka yer cho‘kishi oqibatida yer ostiga tushib ketdi. Toshkent shahar suv ta’minoti vaziyatga oydinlik kiritdi.

Voqea Mirzo Ulug‘bek tumani Gulsanam ko‘chasidagi ichimlik suvi tarmog‘ini yangilash, jumladan, diametri 400 mm bo‘lgan quvurni almashtirish ishlari olib borilayotgan qurilish maydonida sodir bo‘lgan.

Ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda, qazilgan transheyalar o‘tkazilishi bilan ko‘mib borilmoqda. Biroq, tarmoqning eng yaqin qismidagi nosozlik tufayli suv sizib chiqishi natijasida ko‘milgan xandaqlarda tuproq keskin cho‘kkan. Oqibatda hosil bo‘lgan chuqurlikka transport vositalari qisman tushib ketgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, avtobusni olib chiqishga urinish chog‘ida maxsus texnika ag‘darilib ketgan. Shuningdek, hosil bo‘lgan o‘pirilishlarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.