Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkentda sanoatni rivojlantirish uchun deyarli yer qolmagani, Toshkent viloyatining salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayotganini aytdi. Bu haqda u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Viloyatga sanoat korxonalarining ko‘chirilishi poytaxtning bo‘shagan hududlarida xizmat ko‘rsatish, turizm obyektlari va boshqa loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Umurzoqov Ohangaron suv ombori yaqinidagi turistik loyiha haqida ham ma’lumot berdi. Yo‘nalishlar va infratuzilmaning yaratilishi poytaxt aholisiga dam olish uchun yangi imkoniyatlar beradi va mintaqada qo‘shimcha ish o‘rinlarini ta’minlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxt va viloyatni integratsiya qilish uchun ma’muriy to‘siqlarni olib tashladi. Umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan 105 ta investitsiya loyihasi shakllantirildi, ular 60 mingga yaqin ish o‘rni yaratadi.
Toshkent hokimligi fuqarolarni Toshkent viloyatiga tashish uchun manzilli yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Davlatimiz rahbari bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, sanoatdan tortib logistikagacha bo‘lgan 5 ta muhim yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.