Buxoro viloyatida hokim yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
10-sentyabr kuni Buxoro viloyati Peshku tumanida yashovchi tadbirkor mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisining noqonuniy xatti-harakatlaridan shikoyat qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat xizmatchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqarodan hokimlik jamg‘armasidan 7 sotix yer maydonini K-Savdo avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritib, keyinchalik onlayn auksion orqali sotib olish evaziga 6 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim yordamchisi 6 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlandi. Tergov ishlari olib borilmoqda.