O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Doha shahrida bo‘lib o‘tayotgan Favqulodda arab-islom sammitida nutq so‘zladi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
TIV rahbari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammit ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdi. Bayonotda O‘zbekiston yetakchisi respublikaning qardosh Qatar xalqi va barcha musulmon mamlakatlari bilan birdamligi qat’iy ekanini bildirib, Yaqin Sharqdagi tinchlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan oxirgi harbiy tajovuzni keskin qoraladi.
O‘zbekiston o‘zining qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi:
- barcha mojarolar tinch yo‘l bilan va diplomatiya yordamida hal etilishi kerak;
- xalqaro hamjamiyat zo‘ravonlikni to‘xtatish va uning yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shoshilinch choralar ko‘rishi kerak;
- Falastin xalqining BMT rezolyutsiyalariga muvofiq mustaqil davlat barpo etishga bo‘lgan qonuniy huquqini hurmat qilish zarur;
- O‘zbekiston jabrlanganlarga gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyor, bu mamlakatda bir guruh Falastin fuqarolarini qabul qilish va qo‘llab-quvvatlash orqali allaqachon namoyish etilgan.
Baxtiyor Saidov sammit mintaqada mustahkam tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun birdamlikni namoyish etish va samarali qo‘shma yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Qatar amiri bilan qo‘ng‘iroqlashib, Isroilning Dohaga bergan zarbasini qoralagandi. Shavkat Mirziyoyev Qatar mustaqilligi va suverenitetini buzadigan, uning xavfsizligiga tahdid soladigan bunday nomaqbul xatti-harakatlar BMT Nizomiga, xalqaro huquqning asosiy norma va prinsiplariga zid ekanini ta’kidladi.