Oliy Majlis Senati xalqaro va shaharlararo tashishlarda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzganlik, shuningdek, temir yo‘l transportida va metropolitenda xavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlikni joriy etish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Transport to‘g‘risida”gi qonunlarga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga hamda tashishlar samaradorligini va sifatini oshirish orqali yuk hamda yo‘lovchilar tashishdagi xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
2023-yil davomida metropolitenda 172 mln, yo‘lovchi poyezdlarda 9 mln 300 ming yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, 2024-yilda metropolitenda 270 mln, yo‘lovchi poyezdlarda 10 mln 70 ming, shuningdek, avtomobil transportida 8 mlrddan ortiq yo‘lovchilarni tashishga erishildi. Bundan tashqari, 2024-yil davomida temir yo‘l transportida 102,7 mln tonna yuk tashilgan bo‘lsa, avtomobil transportida 2 mlrd tonnadan ortiq yuk tashilgan.
Jumladan, temir yo‘l transporti hamda metropolitenda 2024 yilda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining qo‘pol buzilishi bilan bog‘liq 130 ta hodisa sodir etilgan. Natijada harakatdagi tarkib va temir yo‘l infratuzilmasiga qariyb 4 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Xuddi shuningdek, mamlakat avtomobil yo‘llarining tartibga solinmagan temir yo‘llari kesishmalarida poyezdlar hamda avtotransport vositalari ishtirokida 2024-yilda 38 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida 11 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Shu bois Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 1131-modda bilan to‘ldirilib, tashishlar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha qoida va talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Muhokama qilinayotgan Qonun bilan xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan Qonun transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga hamda yuk va yo‘lovchilar tashishdagi xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi. Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, belgilangan mehnat va dam olish tartibini buzgan haydovchilar bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari (2,884 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi.