2025-yilning birinchi yarmida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan 34 kishi javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar bermoqda.

Shundan 32 nafar fuqaro jarimaga tortilgan, 2 nafari ma’muriy qamoqqa olingan. 2020-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan 397 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan: ulardan 363 nafariga jarima solingan, 34 nafariga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

MJtKning 111-moddasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki azob berish BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,2 mln so‘mdan 2,06 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoki huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoxud hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelgan bo‘lsa, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (2,06 mln so‘mdan 4,1 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.