16-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida deputatlar O‘zbekistonda islom bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Hujjat bilan Soliq va Fuqarolik kodekslariga hamda yana 8 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, “islom banki”, “moliyaviy operatsiyalar va standartlar”, “investitsiyaviy depozit” va boshqa tushunchalarni qonunchilikda mustahkamlash taklif etilmoqda.
Shuningdek, islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan, shuningdek, uni olish uchun aniq talablarni belgilaydigan litsenziyani joriy etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, qonun loyihasida islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan banklar tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalar belgilanmoqda.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi. Hujjatni qo‘llab-quvvatlab 112 nafar deputat ovoz berdi, yana 9 nafar deputat ovoz berishda ishtirok etmadi.
BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) so‘roviga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 68 foizi va biznes vakillarining 60 foizi diniy e’tiqodi tufayli an’anaviy bank xizmatlaridan foydalanishni istamaydi.