Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi turmush sharoitlari bilan tanishish maqsadida 16-sentyabr kuni Namangan viloyatiga keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hududdagi bunyodkorlik sur’ati shahar darvozasi – aeroportdanoq ko‘zga tashlanadi. Bu yerda 140 million dollar investitsiya hisobiga yangi terminallar barpo etilmoqda. Davlat rahbarining viloyatga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida ushbu loyiha taqdimot qilingan edi. Bugungi kunda qurilish ishlari jadal.

Hozirgi aeroport turistlar oqimiga kichiklik qilayapti. 3 qavatli qilib qurilayotgan yangi terminalda yo‘lovchi tashish quvvati 2,5 karra oshadi. Chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi, Duty free do‘konlari zamonaviy tashkil etiladi.

Shuningdek, aeroportda ulkan yuk terminali qurilmoqda. U kuniga 50 tonna yuk tashish va 90 ta mamlakatga eksport qilish imkonini beradi. Eng muhimi, bu orqali vodiyda yagona kargo tizimi yaratiladi. Hududning biznes, eksport va tranzit salohiyati oshadi.

Masalan, bu yil Namangan viloyatiga 1,5 million xorijiy va 2 milliondan ortiq mahalliy sayyohlarni jalb qilish, xizmatlar eksportini 210 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlari eksporti ham oshib boryapti.

Aeroportda maxsus servis texnikalari ham yangilanadi. Bu turli hajmdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Shuningdek, keytering, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa xo‘jalik binolari quriladi. Yangi terminallar kelgusi yil ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari aeroport atrofidagi infratuzilmani unga mutanosib rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Dunyoning ilg‘or tajribasidagi kabi, aeroport atrofida mehmonxonalar, savdo va ko‘ngilochar majmualar, barcha zamonaviy xizmatlar bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Avtoturargoh va servis obyektlari tashkil etib, mehmonlar uchun qulayliklarni kengaytirish vazifasi qo‘yildi.