Shavkat Mirziyoyev 16-sentyabr kuni Namangan viloyatiga jo‘nab ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Namangan — jadal rivojlanayotgan tadbirkorlik va sanoat markazi. So‘nggi sakkiz yilda bu yerga 7 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib keldi, 8 mingga yaqin yangi korxona ishga tushdi. Qishloq xo‘jaligi, turizm, xizmat ko‘rsatish sohalari jadal rivojlanib, hudud aholisi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Davlat rahbarining tashrifidan ko‘zlangan maqsad — namunaviy loyihalar bilan tanishish, yangi yo‘nalish va vazifalarni belgilab olish. Dasturda qurilish obyektlari, sanoat, energetika, agrar va suv xo‘jaligi korxonalari, shuningdek, ijtimoiy muassasalarga tashrif buyurish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shavkat Mirziyoyev “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumida ham ishtirok etadi.