Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rish yakuniga yetdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sud qarori bilan Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga nisbatan oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Shuningdek, unga 3 yil muddatga rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda BHMning 400 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Sud jarayonida yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganligi sababli shunday qarorga kelindi. JK 167-moddasi 4-qismiga muvofiq, yetkazilgan zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi. Hisob raqamiga qo‘yilgan depozit mablag‘lari davlat daromadiga o‘tkaziladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligining sobiq direktori Husniddin Karimovga 3 yil muddatga rahbarlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qolgan 60 nafar sudlanuvchiga nisbatan quyidagi jazo turlari tayinlandi:
- 9 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi;
- 51 — ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga.