Toshkent issiqlik elektr markazida endilikda energiya ishlab chiqarish uchun mazut yoqilg‘isidan foydalanilmaydi. Bu haqda “Issiqlik elektr stansiyalari” xabar bermoqda.
IES poytaxtning issiqlik energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 16 foizini va elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 12 foizini qoplaydi, issiqlik energiyasining 70 foizi kogeneratsion texnologiyalar yordamida ishlab chiqariladi.
2024-yilda obyektda umumiy quvvati 64 MVt bo‘lgan yangi gaz turbina qurilmalari ishga tushirildi. Ular tufayli aholi va shahar iqtisodiyoti ehtiyojlari uchun yiliga 515 million kVt/soat elektr energiyasi va 630 ming Gkal issiqlik ishlab chiqariladi. Uchta gaz turbina qurilmasida ekopostlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilarni doimiy monitoring va tahlil qilishni ta’minlaydi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” kompaniyasi bilan hamkorlikda poytaxtimizning Chilonzor, Olmazor va Sergeli tumanlarida kogeneratsiya markazlari barpo etildi. Yangi uskunalar past gaz bosimida ham ishlaydi, jarayonlarning samaradorligi va ekologik tozaligini oshiradi.
Bunday texnologiyani shaharning yana 7 ta tumani — Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Shayxontohur, Uchtepa, Mirobod, Yashnobod va Yangihayot tumanlarida joriy etish rejalashtirilgan.