O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 2025-yil oxirigacha 6 foizga yetkazish rejalashtirilgan, daromadlari minimal iste’mol xarajatlaridan past bo‘lgan aholi ko‘rsatkichi 2024-yilda 8,9 foizni tashkil etgan. Bu haqda prezident Namanganda bo‘lib o‘tayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumida aytib o‘tdi.
Davlat rahbari so‘nggi sakkiz yil ichida 7,5 millionga yaqin odamni qashshoqlikdan olib chiqishga muvaffaq bo‘linganini aytdi. Mamlakatda kambag‘allikka qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, umumxalq harakatiga aylandi. Shu bilan birga, Jahon banki va BMT tuzilmalari bilan birgalikda kambag‘allikni baholashning aniq mezonlari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, yangilangan Konstitutsiyada pensiya, nafaqa va ijtimoiy yordamlar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi belgilanmoqda.