O‘zbekistonda 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan talab qilinishi taqiqlangan ma’lumotlar va hujjatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda prezident farmonida aytilgan.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ishga qabul qilish va boshqa ma’muriy tartib-taomillarda ushbu ma’lumotlar va hujjatlar “Raqamli hukumat” tizimi orqali organlar va tashkilotlardan mustaqil ravishda olinadi. Bunday ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilish davlat xizmatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish hisoblanadi.
Ro‘yxatga 083, 063 shakldagi tibbiy ma’lumotnomalar, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi, chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi milliy sertifikat, sport razryadi, ilmiy darajalar olish to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar va boshqa hujjatlar kiritilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish aholiga yiliga 47 mlrd so‘mni tejash va ma’muriy xarajatlarni 80 mlrd so‘mga qisqartirish imkonini beradi.