Saudiya Arabistonidan qiyin ahvolga tushib qolgan bir guruh o‘zbekistonlik ziyoratchilar qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.

50 nafar ziyoratchidan iborat guruh sayyohlik firmasi orqali Umra ziyoratini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi. Oqibatda fuqarolar Makkadan uylariga qaytish uchun aviachiptasiz qolishdi. Berilgan aviachiptalarga ko‘ra, ziyoratchilar umra amalini bajarib, o‘z yurtlariga qaytishlari kerak edi.

Biroq sayyohlik firmasi fuqarolarning o‘z vaqtida uchib keta olmagani sabablarini tushuntirmadi, faqat yaqin kunlarda qaytish imkoniyati borligini ma’lum qildi. Ziyoratchilarning aksariyati keksalar va ayollar bo‘lib, ular juda hayajonlanishgan. Bosh konsulxona vakillari sayyohlik kompaniyasi mas’ul xodimi bilan bog‘lanib, ziyoratchilarni O‘zbekistonga xavfsiz va tezroq qaytarish masalalarini muhokama qildi.

Firma vakillarining aytishicha, aviachiptalarga mas’ul hamkorlar bilan bog‘liq ayrim muammolar tufayli ziyoratchilar uchun oldindan rejalashtirilgan reysga chiptalarni o‘z vaqtida xarid qilishning imkoni bo‘lmagan. Vaziyat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olinib, fuqarolarni mehmonxona bilan ta’minlash va aviachiptalar sotib olish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Muzokaralar natijasida turistik firma chiptalar sotib oldi. Ziyoratchilar Fly Khiva aviakompaniyasining Madina—Toshkent yo‘nalishidagi reysi bilan vatanga jo‘natildi.