Xorazm viloyatida ikki avtomobil to‘qnashuvi oqibatida yo‘l chetida turgan bola vafot etdi. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Fojiali hodisa 17-sentyabr kuni soat 09:00 atrofida Yangiariq tumanidagi “Angariq” mahallasi hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining 1-kilometrida sodir bo‘lgan.
Nexia’ning 34 yoshli haydovchisi avtomobilni chapga burmoqchi bo‘lgan. Shu payt orqada kelayotgan 33 yoshli Cobalt haydovchisi uni quvib o‘tmoqchi bo‘lib, Nexia’ga borib urilgan. U boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lkada turgan ikki yoshli bolani urib yuborgan.
Oqibatda bola olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Yangiariq tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.