Afg‘onistonda universitetlar dasturidan ayollar yozgan kitoblar chiqarib tashlandi. Bu haqda BBC nashri xabar bermoqda.

“Tolibon” oliy o‘quv yurtlariga shariatga zid bo‘lgan 18 ta o‘quv fanini o‘qitishni, shuningdek, jinsiy zo‘ravonlik mavzusini taqiqladi. Yangi yo‘riqnomalar avgust oyining oxirida chiqarildi.

“G‘ayri shar’iy mazmundagi” 679 ta kitobdan 140 ga yaqini ayollar tomonidan yozilgan. Ular orasida, masalan, “Kimyoviy laboratoriyada xavfsizlik” nomli kitob bor. Taqiq ayollarga bag‘ishlangan universitet fanlariga ham ta’sir ko‘rsatdi: taqiqlangan o‘n sakkizta fandan oltitasi aynan shu mavzuga tegishli — ular orasida “Gender va rivojlanish”, “Muloqotda ayollarning roli” va “Ayollar sotsiologiyasi» bor”, — deyiladi xabarda.

O‘quv materiallarini qayta ko‘rib chiqish qo‘mitasi a’zosi ayollar tomonidan yozilgan kitoblar taqiqlanganini tasdiqladi. Muallifi ayol kishi bo‘lgan barcha kitoblarni o‘rganish taqiqlanadi. Ayollar tomonidan yozilgan kitoblardan tashqari, eronlik mualliflar yoki Eronda nashr etilgan kitoblar ham taqiq ostiga tushgan.

“Komissiya a’zolaridan birining aytishicha, bundan maqsad Afg‘oniston o‘quv tizimiga “Eron kontentining kirib kelishining oldini olish” bo‘lgan. Afg‘onistonning barcha universitetlariga yuborilgan 50 sahifali ro‘yxatda 679 nom mavjud bo‘lib, ulardan 310 tasi eronlik mualliflar tomonidan yozilgan yoki Eronda nashr etilgan”, — deb yozadi BBC.

Tolibon hukumati Oliy ta’lim vazirligi akademik direktori o‘rinbosari Ziyaur Rahmon Aryubi universitetlarga yo‘llagan maktubida bu qaror bir guruh diniy ulamolar va ekspertlar tomonidan qabul qilinganini yozgan.