O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasi yo‘qolgan taqdirda uni onlayn tarzda tiklash imkoniyati paydo bo‘ldi. Xizmat YIDXPda mavjud.
Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz saytiga kirib, “Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish” xizmatini tanlash lozim. Shundan so‘ng “Yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini tiklash” bo‘limini tanlab, arizani rasmiylashtirish kerak.
Xizmat narxi 370 800 so‘m bo‘lib, manzilga yetkazish 25 000 so‘mni tashkil etadi. Xizmat bir ish kuni mobaynida, yetkazib berishni hisobga olgan holda — uch ish kuni mobaynida ko‘rsatiladi.
Quyidagi holatlarda ariza rad etilishi mumkin:
- agar guvohnoma to‘g‘risidagi ma’lumotlar tizimda tasdiqlanmasa;
- agar ariza beruvchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa;
- agar arizachiga nisbatan 131-modda (transport vositalarini mast holda boshqarish) va 136-modda (transport vositalari haydovchilarini va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilarini mast holda tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash) bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa.