Iqtisodchi Timurmalik Elmurodov O‘zbekistonda dollar nega arzonlashayotgani, narxlar esa arzonlashmayotganiga izoh berdi.
2024-yil sentyabr oyidan buyon O‘zbekistonda AQSH valyutasi 2,1 foizga arzonlashdi, narxlar esa 8,8 foizga oshdi.
Tabiiyki, savollar tug‘iladi, chunki biz “dollar oshsa, narx oshadi” deb o‘rganib qolganmiz va buning aksini kutish mantiqan to‘g‘ri. Aslida, yo‘q, chunki boshqa ko‘plab omillar mavjud. Va ular ancha kuchli, — dedi mutaxassis.
Misol uchun, elektr energiyasi va gaz tariflarining oshishi hamma narsaning qimmatlashishiga olib keladi va buning ta’siri juda uzoq davom etadi. Xizmatlar qanchalik qimmatlashayotganiga qarab bunga ishonch hosil qilish mumkin — yil boshida 26,7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, sentyabrga kelib 16,2 foizga yetdi.
Yana bir misol: kreditlar bu yil 40 foizga oshdi. Iqtisodchi butun bir hodisalar zanjirini tuzdi:
- Ipoteka 37 foizga oshdi.
- Odamlar ko‘proq kvartira sotib ola boshladi.
- Ta’mirlash va qurilishlar ko‘paydi.
- Suvoq, g‘isht va boshqalar 5 foizga qimmatlashdi.
Bunday “ichki” omillar o‘nlab topiladi.
Demak, dollarning pasayishi hech qanday ta’sir ko‘rsatmabdi-da? Yo‘q, nega endi, ta’sir qildi. Import inflyatsiyasi pastroq bo‘ldi: texnika, mebel, kiyim-kechak bir yil ichida atigi 6,6 foizga oshdi — avvalgiga qaraganda sekinroq, — dedi iqtisodchi.
Temurmalik Elmurodov narxlar sekin yoki tez ko‘tarilmasligi, balki pasayishi uchun nima qilish kerakligi haqida gapirib berdi. Buning uchun:
- ayniqsa import qilishda ko‘proq raqobat zarur;
- biznes xarajatlarni rejalashtirishi uchun gaz va elektr energiyasi uchun prognoz qilinadigan tariflar zarur;
- o‘z xarajatlarini byudjetga o‘tkazadigan davlat kompaniyalarini kamaytirish kerak;
- mamlakat ichida rivojlangan logistika, hududlarda ko‘proq omborxonalar va muzlatgichlar kerak;
Va boshqa ko‘p narsalar. Eng muhimi, Markaziy bankka, tizimga ishonch kerak. O‘zbekistondagi odamlar va kompaniyalar “narxlar har doim faqat o‘sadi” deb ishonsa, O‘zbekistondagi narxlar har doim faqat o‘sadi (bu inflyatsion kutilmalar deb ataladi).
Narxlar o‘sishini jilovlash mumkinligiga ishonch paydo bo‘lgach, bozorning o‘zi ham o‘zini xotirjam tuta boshlaydi. Hozir buning ustida ish olib borilmoqda, vaziyat o‘zgarmoqda, shunchaki hammamiz xohlaganimizdek tez emas, — dedi iqtisodchi.