O‘zbekistonda “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi va Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi negizida “Kelajak” respublika markazi tashkil etiladi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.
Hujjatga muvofiq quyidagilar ham tashkil etiladi:
- “Barkamol avlod” bolalar maktablari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar) “Kelajak” markazlari;
- Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi “Kelajak” markazlari huzuridagi bolalar turistik bazalari.
«Kelajak» markazlarining vertikal tizimini joriy etish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida “o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi” lavozimi joriy etiladi. Maktab maslahatchisining lavozim maoshi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosarining lavozim maoshiga tenglashtiriladi.
2026 yil 1 sentyabrdan boshlab menejer sertifikatiga ega bo‘lgan maktab maslahatchilariga sertifikatning amal qilish muddati davomida tegishli lavozim maoshining 30 foizi miqdorida har oylik ustamalar to‘lanadi.
“Kelajak” markazlariga quyidagilarga ruxsat beriladi:
- malakali mutaxassislar va nodavlat o‘quv markazlarini shartnoma asosida jalb etgan holda to‘garaklar tashkil etish;
- ota-onalar bilan kelishgan holda ota-onalar to‘lovi miqdorini respublika bo‘yicha belgilangan eng kam miqdorlarga nisbatan oshirish.
2026 yil 1 yanvardan boshlab “Kelajak” markazlarida o‘qish uchun ota-onalar to‘lovining eng kam miqdorlari qayta ko‘rib chiqiladi. “Kelajak” markazlari kontingent soniga ko‘ra ikki guruhga bo‘linadi. Bunda kontingent soni 600 tagacha bo‘lgan markazlar II guruhga, 601 va undan ko‘p bo‘lganlari I guruhga kiritiladi. Indira Abdukarimovna Xoldarova “Kelajak” respublika markazi direktori etib tayinlandi.