2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlar soni va davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori oshgani qayd etildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy ma’ruzasida aytilgan.
O‘tgan yili 4 ming 649 ta korrupsiyaviy jinoyat doirasida 7 ming 354 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. 2023-yilga nisbatan mahkumlar soni 12,5 foizga, jinoyatlar soni 12,6 foizga oshgan.
Eng ko‘p korrupsiyaviy jinoyatlar Andijon (882), Namangan (877) va Toshkent (697) viloyatlarida qayd etilgan. Korrupsiyadan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar 2,81 trillion so‘mni tashkil etdi, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 1,4 trillion so‘m edi.
Korrupsiyadan eng ko‘p zarar Andijon (680 mlrd so‘m), Toshkent (332 mlrd so‘m) va Namangan (308 mlrd so‘m) viloyatlarida qayd etilgan.