O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalarining oziq-ovqat chiqindilaridan foydalanish va ularning salbiy ta’sirini kamaytirish choralari belgilandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida aytiladi.

Hukumat oziq-ovqat chiqindilari hosil bo‘lishini kamaytirish va umumiy ovqatlanish sohasida me’yordan ortiq chiqindilarning oldini olish bo‘yicha “Oqilona iste’mol” (Save food) dasturini amalga oshirishni tasdiqladi.

Belgilangan me’yordan ortiqcha ifloslangan ishlab chiqarish oqova suvlarini tashlagan yuridik shaxslar va tadbirkorlar mahalliy tozalash inshootlarida oqova suvlarni birlamchi tozalash ishlarini amalga oshirishlari kerak.

Tovarlarni ishlab chiqarish jarayonida belgilangan me’yordan ortiqcha ifloslangan oqova suvlarni hosil qiluvchi yangi iste’molchilarni oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga ulash faqat mahalliy tozalash inshootlari mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab oqova suvlardan yog‘-moy mahsulotlarini ajratib olishni ta’minlaydigan yog‘-moy ushlagichlarga ega bo‘lgan umumiy ovqatlanish korxonalariga markazlashgan oqova suv tizimlariga ulanishga ruxsat beriladi. Ular har oyda kamida bir marta yog‘-moy ushlagichlarni ishlatilgan moylardan tozalashlari, shuningdek ishlatilgan moylar va yog‘larni qayta ishlash hamda utilizatsiya qilishlari shart.

Gaz bo‘lmaganda va yog‘och yoki ko‘mir ishlatilganda, atmosferani ifloslantiruvchi moddalar va hidlarni ushlab qoluvchi qurilmalar o‘rnatilishi kerak.