AQSH prezidenti Donald Trampning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston bilan Bagram aviabazasida harbiy ishtirokni tiklash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. RBK nashri davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda.

Amerika yetakchisining fikricha, Vashingtonda “bazadan voz kechish uchun sabab yo‘q edi”. WSJ nashrining yozishicha, Tramp ma’muriyati toliblar bilan Bagram aviabazasida aksilterror operatsiyalari uchun platsdarm sifatida AQShning kichik harbiy kontingentini tiklash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Muzokaralar potensial asirlar almashinuvi, mumkin bo‘lgan iqtisodiy kelishuv va xavfsizlik masalalarini o‘z ichiga oladi.

2001-2021-yillarda Bagramdagi aerodrom AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning Afg‘onistondagi eng yirik bazasi bo‘lib xizmat qilgan. 2021-yil iyul oyi boshida amerikaliklar aviabazani tark etdi, 15-avgustda esa u toliblar nazoratiga o‘tdi. Bir kun avval Donald Tramp ushbu bazani qaytarish niyatida ekanini ma’lum qilgandi. Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi Trampning so‘zlariga javoban AQShning mamlakatdagi harbiy ishtirokini istisno qildi.