Mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida OMON reydi voqeasiga izoh berib, fuqarolar huquqlarini himoya qilish uchun mamlakatga advokat yuborilganini ma’lum qildi.

Fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi ushbu joyga litsenziyaga ega advokatni yubordi. Hozirda ushbu holat Rossiya Federatsiyasining amaldagi qonunchiligi doirasida o‘rganilmoqda, — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi ham ushbu fuqarolarga zarur yuridik yordam ko‘rsatish uchun shoshilinch qabul qilayotganini ma’lum qildi.

Vakolatxona ma’lumotlariga ko‘ra, tekshiruv davomida 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzgani aniqlangan. Ulardan 4 nafariga nisbatan ma’muriy jarima va ma’muriy chiqarib yuborish choralari qo‘llanilgan, qolgan 4 nafari Krasnoyarsk o‘lkasi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.

Ushbu konsert Krasnoyarsk o‘lkasining tegishli tashkilot va idoralari bilan belgilangan tartibda kelishilmaganligi sababli sodir bo‘lgan. Avvalroq Novosibirskda bo‘lib o‘tgan shunga o‘xshash konsert shahar hokimiyati bilan kelishilgan holda, to‘liq anshlag ostida o‘tkazildi va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Krasnoyarskdagi konsert Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan yakka tartibda tashkil etilgan va bunday tadbirlarni o‘tkazish uchun maxsus jihozlanmagan binoda bo‘lib o‘tgan. Shu bilan birga, Bosh konsulxona Krasnoyarsk o‘lkasi hududida huquqni muhofaza qilish organlarining bunday reydlari qonuniy asosga ega bo‘lishi va madaniy hordiq chiqarishga to‘sqinlik qilmasligi kerak, deb hisoblaydi.

Konsullik kuch tuzilmalarining harakatlariga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga zarur hujjatlarni yubordi.

Eslatib o‘tamiz, Krasnoyarsk o‘lkasining “Solonsi” posyolkasida Rosgvardiya xodimlari o‘zbek estrada xonandasi Jaloliddin Ahmadaliyevning 600 dan ortiq mehmon yig‘ilgan «Toj» restoranida bo‘lib o‘tayotgan konsertini to‘xtatgan edi.

E’lon qilingan kadrlarda huquq-tartibot idoralari xodimlari hujjatlarni tekshirish va xizmat itlari ishtirokida tintuv o‘tkazayotganini ko‘rish mumkin. Bir necha kishini zanjirga tizib, soqchilar kuzatuvida ziyofatxonadan olib chiqishdi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, reyd Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklarni, shuningdek, giyohvand moddalar savdosiga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlashga qaratilgan. Jami 620 kishi tekshirildi, ular orasida 210 nafar xorijlik ham bor. Taqiqlangan buyum va moddalar aniqlanmadi.

Qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish uchun 26 nafar fuqaro IIVning “Yemelyanovskiy” FMga olib kelingan. Ma’lum bo‘lishicha, ulardan sakkiztasi mamlakatda noqonuniy ravishda bo‘lgan.