Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev Transport vazirligiga poytaxt yo‘llarida tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan senator so‘rovi yubordi.
Hujjatda tirbandliklar Toshkent aholisining kundalik hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etilgan. Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan transport oqimi sezilarli darajada oshdi, ba’zida tirbandlik shkalasi bo‘yicha eng yuqori darajaga — 10 ballga yetadi, bu esa poytaxtga ishlash, o‘qish yoki shaxsiy ishlari bilan kelgan minglab fuqarolarning vaqtini yo‘qotishiga olib keladi.
Senat ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentga har kuni qariyb 1 mln kishi keladi, ulardan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan. Shahar atrofidan minglab avtomobillar ertalab poytaxtga kirib, kechqurun ortga qaytishi yo‘llardagi tirbandlikni yanada oshiradi.
So‘rovda vazirlikdan tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, “Intellektual transport” tizimining hozirgi holati, jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga integratsiya qilish jarayoni, shuningdek, prezident topshiriqlari ijrosi va ehtimoliy kechikishlar sabablari haqida batafsil ma’lumot berish so‘ralgan.