23-sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, uchrashuv BMT shtab-kvartirasida, O‘zbekiston prezidentining Bosh Assambleyaning 80-sessiyasidagi nutqi oldidan bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlat rahbari Donald Trampni ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishdagi yuksak muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabrikladi. Uning o‘tkir xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish, jumladan, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga qo‘shgan shaxsiy hissasi va sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.

Siz Nobel mukofotiga har kimdan ko‘ra munosibsiz, bu haqda gapirganmiz va gapiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Donald Tramp O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatladi va Shavkat Mirziyoyevni o‘z mamlakatining buyuk yetakchisi deb atadi. AQSH prezidenti O‘zbekiston yetakchisining AQShning 50 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuv va muzokaralarining samarali natijalarini, umumiy qiymati 100 milliard dollardan ziyod investitsiya rejalari va loyihalari ishlab chiqilganini yuksak baholadi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev prezident Donald Trampni o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga yana bir bor taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni rivojlantirish sohasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasida raqamli rivojlanish va sun’iy intellektdan foydalanish borasidagi tafovutni bartaraf etish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. U boshqa mamlakatlar bilan tajriba almashish uchun Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratishni taklif qildi.

Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz. Sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmi yaratishni taklif etamiz, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, davlat rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligining ijobiy natijalari haqida gapirdi. Keyingi yillarda mintaqada o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashish hajmi besh barobar ko‘paydi. Qo‘shma investitsiya fondlari, chegaraoldi savdo va sanoat kooperatsiyasi zonalari paydo bo‘lmoqda. Yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bundan 8 yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qat’iy qaror qilganimizni e’lon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi, — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi. O‘zining jipsligi, barqarorligi va o‘sib borayotgan mintaqaviy o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida mustaqil subyekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylanganini ham umumiy yutug‘imiz sifatida e’tirof etamiz. Shuni qat’iy ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi, — dedi prezident.

Bu borada BMT tuzilmalari bilan hamkorlikda mintaqada qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni taklif qildi. Xususan:

  • EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish;
  • YUNIDO bilan birgalikda sanoatda “yashil” texnologiyalar bo‘yicha mintaqaviy xab tashkil etish;
  • mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makonni shakllantirish va demografik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha dasturlar qabul qilsin.
  • BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini qabul qilish.